Monthly Archives: Fevral 2020

19 fevral kuni Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar zalida «Uzbekistan Airports, Aviation&Logistics Forum» Birinchi xalqaro aviatsiya forumiga start berildi.

Forumni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Elyor G‘aniev ochib berdi.

“Turizm sohasini rivojlantirishda transport tizimini takomillashtirish eng muhim shartlardan biri hisoblangani uchun ham bugungi kunda O‘zbekiston Prezidenti boshchiligida aviatsiya sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada, xususan davlat boshqaruv tizimini yaxshilash maqsadida Transport vazirligi tashkil etildi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK tarkibiy jihatdan bir-biridan mustaqil bo‘lgan ikkita “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” kompaniyalariga ajratildi. Shu bilan birga, xalqaro huquq normalariga muvofiq 2019 yilning 1 oktyabridan boshlab “Qarshi”, “Nukus”, “Termiz” hamda “Buxoro” xalqaro aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimi joriy qilindi. Hozirda mazkur aeroportlarga parvozlarni amalga oshirishni tashkil etish yuzasidan qator xorijiy aviakompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda”, – dedi Aziz Abduhakimov.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilish doirasida so‘nggi uch yilda respublikamizga qatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar soni 15 tadan 23 taga etdi. O‘tgan davr mobaynida “IrAero”, “FlyDubai” “Zagros Airlines” kabi aviakompaniyalarining mamlakatga yangi yo‘nalishlarda doimiy qatnovlari yo‘lga qo‘yildi, “Zhejang Loong Airlines Co.Ltd.” va “Atlasglobal” aviakompaniyalarining charter reyslari ochildi.

Tadbirda shuningdek Transport vaziri Elyor G‘aniev ham so‘zga chiqib, sayyohlar oqimini oshirish va bunda transport tizimini takomillashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.

“Aeroportlarning holatini yaxshilash uchun bir qator yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, Samarqand xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi terminali va uchish-qo‘nish yo‘lagini qurish natijasida aeroportning o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 500 nafar yo‘lovchidan 1500 nafarga ko‘tariladi. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida Toshkent aeroportining o‘tkazuvchanlik holatini optimallashtirish va rekonstruktsiya qilish natijasida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish qobiliyati yiliga 4 milliondan 7 millionga ortadi. “Termiz” xalqaro aeroportida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagini qurish, “Andijon”aeroportini rekonstruktsiya qilish natijasida barcha turdagi havo kemalariga xizmat ko‘rsatish imkoni yaratiladi, amalga oshirilayotgan qatnovlar sonining 2-3 baravarga ortishiga olib keladi”, – dedi Transport vaziri.

Elyor G‘anievning ta’kidlashicha, ushbu tadbirlarni ilg‘or xalqaro tajribaga muvofiq ravishda sifatli amalga oshirish uchun Jahon banki mutaxassislari jalb qilindi, ular aviatsiya bozorini liberallashtirish va ushbu sohada zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etishga qaratilgan aviatsiya sohasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etishmoqda.

2019 yilda o‘z faoliyatini boshlagan «Uzbekistan Airports» AJ raisi Ravshan Ismoilovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning mavjud aeroportlari renovatsiyasi bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan, bu aeroportlarimizning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini amalga oshirish, investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish jarayonini optimallashtirish yo‘lida xizmat qiladi.

“Aeroportlarni rivojlantirishning amaliy strategiyasini ishlab chiqish uchun Germaniya (Airport Research Center Gmbh) va Rossiya («Инновационный центр гражданской авиации» MChJ)dan ekspertlar jalb qilindi”, – dedi Ravshan Ismailov.

Ta’kidlash joizki, Birinchi xalqaro aviaforumga dunyoning turli mamlakatlaridan 180 ga yaqin kompaniya vakillari tashrif buyurgan. Xalqaro aviaforumga “Jetcraft” (AQSh), “Air Charter Service” (Buyuk Britaniya), “Bombardier Business jets” (Kanada), “TLD” (Hindiston), “Lufthansa consulting” (Germaniya), “EGIS” (Frantsiya), “ATR” (Ispaniya), “Kuwait Airways” (Kuvayt), “Air Arabia” va “BGT Events” (BAA), “Gulf Air” (Baxrayn), “Korean Air” va “Asiana Airlines” (Janubiy Koreya), “Azerbaijan Airlines” (Ozarboyjon), “Aeroflot” va “IrAero” (Rossiya), “Al Masriya” (Misr), “Zagros Airlines” (Eron), “Pegasus Airlines” va “Turkish Airlines” (Turkiya), “Mitsubishi Corporation” (Yaponiya), “Air Astana” (Qozog‘iston) va boshqa kompaniyalar ishtirok etishdi.

манба: mintrans.uz

O‘zbekiston aeroportlari tender asosida boshqaruvga topshiriladi

Chet el kompaniyalari O‘zbekiston aeroportlarni boshqarishga tender orqali jalb qilinadi, deya ma’lum qildi transport vaziri Rossiyaning «Novaport» kompaniyasi bilan rejalashtirilgan hamkorlik atrofidagi vaziyatga izoh berarkan.

Xorijiy boshqaruv kompaniyalari bilan hamkorlik tender asosida imzolanadi, deya ma’lum qildi transport vaziri Elyor G‘aniyev 12 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, «Novaport Xolding» va O‘zbekiston hukumati 2019 yilning may oyi oxirida Urganchda Samarqand, Namangan va Urganch aeroportlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha investitsion loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv imzolagan edi. Keyinroq «Novaport» va O‘zbekiston muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgani xabar qildi: hukumat ularni investor so‘ragani kabi 30 yil muddatga topshirishga tayyor emasligi ma’lum bo‘lib qoldi.

«Bu jarayon tender asosida o‘tkaziladi. Siz tilga olgan kompaniya masalasida bizning pozitsiyamiz aniq — bu tender asosida aniqlanadi», — dedi transport vaziri jurnalistning «Novaport» bilan muzokaralar atrofidagi vaziyat haqidagi savoliga javob berarkan.

Elyor G‘aniyev O‘zbekistonda aeroportlar bo‘yicha xorijiy boshqaruvchi kompaniyalar bilan hamkorlik davlat-xususiy sherikchilik yoki konsessiya tamoyillari asosida amalga oshirilishini ma’lum qildi.

«Nima uchun hozirda yapon kompaniyalari yoki Rossiya kompaniyalari [aeroportlarni] boshqarishi haqida gapirishga erta. Tender ko‘rsatadi», — deya qo‘shimcha qildi vazir.

Qayd etish joizki, «Novaport» kelishuv doirasida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti o‘tkazilishi rejalashtirilgan 2022 yilga qadar Samarqand aeroporti terminali va uchish-qo‘nish yo‘lagini rekonstruksiya qilishi belgilangan edi. Urganchda xolding aerodrom infratuzilmalarini modernizatsiya qilishi, Namanganda esa yo‘lovchi terminalini kengaytirishi kerak edi.

Manba: Газета.uz

«Termiz» aeroportida Jahon eʼtirofidagi shoir Alisher Navoiyning 579-yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburninng 537 yilligi keng nishonlandi

Shu kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab o‘zbek adabiyoti tarixida yorqin iz qoldirgan, buyuk mutafakkirlar va davlat arbobi A.Navoiyning 579- yilligi va Z.M.Boburning 537- yilligi cheksiz ehtrom bilan keng nishonlamoqda.

2020-yil — “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da ham Navoiy bobomiz ulugʻlagan, asarlarining mazmun-mohiyatiga aylangan gʻoyalar yoshlar kamolotiga, taʼlim-tarbiyasiga eʼtibor, aholining barcha qatlamlarining manfaatlarini himoyalash, ilm-fanni tobora ravnaq toptirish va shu orqali yurtni yana-da obod etishga oid ishlar koʻlami tobora ortmoqda. Prezidentimiz Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida tilga olingan “halollik vaksina“si aynan Navoiy, Bobur singari allomalarning asarlaridagi poklik, odamiylik, toʻgʻrilik daʼvatida mujassam ekani bilan ahamiyatlidir.

Shu munosabat bilan “Termiz xalqaro aeroporti” Yoshlar ittifoqi yetakchisi tashabbusi bilan faol yosh ishchi xodimlar, ishchi xodim farzandlari va Termiz shahar 19-maktab onatili va adabiyot fan o‘qituvchilari va o‘quvchilari bilan A.Navoiy va Z.M.Boburning hayoti va ijodidan maruza, g’azalxonlik va sahna ko‘rinishi namoyish etdilar.

Adabiy va badiy kechani “Termiz xalqaro aeroporti” MChJ direktori Kabilov Sh.R. ochib berdi. Kechada faol ishtirok etgan qatnashchilarga tashakkurnoma e’lon qilinib, estalik sovg’alar topshirildi.

Namoyish etilgan sahna ko`rinishlari tadbir ishtrokchilariga bir olam quvonch bag`ishladi.

Termiz xalqaro aeroporti Yoshlar ittifoqi yetakchisi Imomov J.J.

«30 yil davomida deyarli hech qanday islohotlar amalga oshirilmadi». Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airpors bayonot bilan chiqdi

Uzbekistan Airways AJ va Uzbekistan Airpors AJ O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish sohasidagi islohotlar yuzasidan bayonot bilan chiqdi

Bildirilishicha, so‘nggi 30 yil davomida mazkur sohada deyarli hech qanday islohotlar amalga oshirilmadi.

“Buning oqibatida esa jiddiy muammolar to‘planib qoldi. Soha rivojiga yetarli darajada e’tibor qaratilmagani va mutlaqo raqobat muhitining mavjud emasligi ortidan u monopoliya tamoyillari asosida rivojlandi. Tariflarning yuqoriligi va taqdim etilayotgan xizmatlar sifatining pastligi ham aynan shuning natijasidir”, – deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda mamlakat fuqaro aviatsiyasi sohasida bugungi kunda o‘z yechimini kutib turgan dolzarb masalalar yuzasidan turli-tuman fikrlar va munosabatlar bildirilmoqda.

Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airpors kompaniyalari rahbariyati mazkur masala yuzasidan xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan bildirilayotgan fikrlarni doimiy ravishda kuzatib borayotgani aytiladi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi uch yilda aviatsiya bozorini liberallashtirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish, sohaga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish va yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni zamon talablari darajasiga ko‘tarish bo‘yicha mamlakat fuqaro aviatsiyasi sohasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi. Aviatsiya bozorini liberallashtirish va raqobat muhitini tashkil etish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida respublikamizga qatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar soni 2017 yilda 15 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib ularning soni 23 taga yetdi.

“Yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida so‘nggi yillarda milliy aviakompaniya parki muntazam ravishda zamonaviy Airbus va Boieng laynerlari bilan yangilab borilmoqda.

Shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish orqali tashuvlar va aeroportlar faoliyati bo‘yicha vazifalarni mustaqil korxonalarga taqsimlash borasidagi ishlar nihoyasiga yetkazildi. 2019 yilning oktabr oyida “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK qayta tashkil etilib, bir-biridan mustaqil bo‘lgan ikkita Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airpors kompaniyalariga ajratildi.

Aviatsiya bozorini yanada liberallashtirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish maqsadida 2019 yilning oktabr oyidan e’tiboran Qarshi, Nukus, Termiz va Buxoro xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi” tartibini qo‘llagan holda “Ochiq osmon” rejimi joriy etildi. Bu jarayonlarning boshlanganiga esa bor yo‘g‘i endi uch oy bo‘ldi. Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlab o‘tish lozim, “Ochiq osmon” rejimi joriy etilishi birdaniga mamlakatimizga xorijiy reyslar sonining ortishi va parvozlar oqimining yuqori sur’atlarda ko‘payishida asosiy omil bo‘lib hisoblanmaydi.

Hozirda mazkur aeroportlarga parvozlarni amalga oshirishni tashkil etish yuzasidan Turkish airlines, Isra air, Garuda, “Aeroflot”, “IrAero”, S7, “Yakutiya”, SCAT va boshqa bir qator xorijiy aviakompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Yuqorida sanab o‘tilgan kompaniyalar joriy yilning mart oyidan boshlab, “Ochiq osmon” rejimidan foydalangan holda Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Irkutsk, Krasnoyarsk, Olmaota, Nur-Sulton, Aqtau yo‘nalishlarida parvozlarni amalga oshirishni boshlashga tayyor ekanligini ma’lum qilishdi. Shuningdek, Isroil va Turkiyaga parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda”, – deyiladi ma’lumotda.

Aytilishicha, aeroportlar holatini yaxshilash bo‘yicha qator yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Samarqand xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi terminali va uchish-qo‘nish yo‘lagining qurilishi natijasida aeroportning o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 500 nafar yo‘lovchidan 1500 nafarga qadar ko‘tariladi. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida Toshkent aeroportining o‘tkazuvchanlik holatini optimallashtirish va rekonstruksiya qilish natijasida esa yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish qobiliyati yiliga 4 milliondan 7 millionga ortadi. Termiz xalqaro aeroportida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagining qurilishi, Andijon aeroportining rekonstruksiya qilinishi barcha turdagi havo kemalariga xizmat ko‘rsatish imkonini yaratib, amalga oshirilayotgan qatnovlar sonining 2-3 baravarga ortishiga olib keladi.

Belgilangan tadbirlarni ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan holda sifatli bajarish maqsadida Jahon banki ekspertlari jalb etilgan bo‘lib, ular mamlakat aviatsiya bozorini liberallashtirish va sohada zamonaviy boshqaruv usullarini tatbiq etishga qaratilgan respublikamiz aviatsiya sohasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etishadi.

“Aviatsiya sohasida raqobat muhitini kengaytirish, mamlakatimiz ichki yo‘nalishlari va Markaziy Osiyo mintaqasi yo‘nalishlarida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish ehtiyojlarini qondirish maqsadida yangi Humo Air aviakompaniyasini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Bu mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasini isloh qilish bo‘yicha ishlarning faqatgina birinchi bosqichidir. Mazkur sohada boshlangan islohotlar tizimli ravishda, jadal sur’atlarda davom ettiriladi. Aynan bu yo‘nalishdagi islohotlarning jadallashtirilishi natijasida 2020 yil mamlakatimiz aviatsiya sohasida tub burilish yili bo‘ladi, deb umid qilamiz.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tmoqchimizki, sohani isloh qilishda fuqarolar va mutaxassislarning fikrlari, tavsiya va takliflari muhim ahamiyatga ega. Respublikamiz aviatsiya sanoatini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishda ekspertlar va jamoatchilikning faol ishtirokiga umid qilamiz”, – deyilgan bayonotda.

Manba: https://kun.uz/uz/32985068