Daily Archives: Fevral 5, 2020

«30 yil davomida deyarli hech qanday islohotlar amalga oshirilmadi». Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airpors bayonot bilan chiqdi

Uzbekistan Airways AJ va Uzbekistan Airpors AJ O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish sohasidagi islohotlar yuzasidan bayonot bilan chiqdi

Bildirilishicha, so‘nggi 30 yil davomida mazkur sohada deyarli hech qanday islohotlar amalga oshirilmadi.

“Buning oqibatida esa jiddiy muammolar to‘planib qoldi. Soha rivojiga yetarli darajada e’tibor qaratilmagani va mutlaqo raqobat muhitining mavjud emasligi ortidan u monopoliya tamoyillari asosida rivojlandi. Tariflarning yuqoriligi va taqdim etilayotgan xizmatlar sifatining pastligi ham aynan shuning natijasidir”, – deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda mamlakat fuqaro aviatsiyasi sohasida bugungi kunda o‘z yechimini kutib turgan dolzarb masalalar yuzasidan turli-tuman fikrlar va munosabatlar bildirilmoqda.

Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airpors kompaniyalari rahbariyati mazkur masala yuzasidan xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan bildirilayotgan fikrlarni doimiy ravishda kuzatib borayotgani aytiladi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi uch yilda aviatsiya bozorini liberallashtirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish, sohaga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish va yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni zamon talablari darajasiga ko‘tarish bo‘yicha mamlakat fuqaro aviatsiyasi sohasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi. Aviatsiya bozorini liberallashtirish va raqobat muhitini tashkil etish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida respublikamizga qatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar soni 2017 yilda 15 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib ularning soni 23 taga yetdi.

“Yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida so‘nggi yillarda milliy aviakompaniya parki muntazam ravishda zamonaviy Airbus va Boieng laynerlari bilan yangilab borilmoqda.

Shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish orqali tashuvlar va aeroportlar faoliyati bo‘yicha vazifalarni mustaqil korxonalarga taqsimlash borasidagi ishlar nihoyasiga yetkazildi. 2019 yilning oktabr oyida “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK qayta tashkil etilib, bir-biridan mustaqil bo‘lgan ikkita Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airpors kompaniyalariga ajratildi.

Aviatsiya bozorini yanada liberallashtirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish maqsadida 2019 yilning oktabr oyidan e’tiboran Qarshi, Nukus, Termiz va Buxoro xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi” tartibini qo‘llagan holda “Ochiq osmon” rejimi joriy etildi. Bu jarayonlarning boshlanganiga esa bor yo‘g‘i endi uch oy bo‘ldi. Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlab o‘tish lozim, “Ochiq osmon” rejimi joriy etilishi birdaniga mamlakatimizga xorijiy reyslar sonining ortishi va parvozlar oqimining yuqori sur’atlarda ko‘payishida asosiy omil bo‘lib hisoblanmaydi.

Hozirda mazkur aeroportlarga parvozlarni amalga oshirishni tashkil etish yuzasidan Turkish airlines, Isra air, Garuda, “Aeroflot”, “IrAero”, S7, “Yakutiya”, SCAT va boshqa bir qator xorijiy aviakompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Yuqorida sanab o‘tilgan kompaniyalar joriy yilning mart oyidan boshlab, “Ochiq osmon” rejimidan foydalangan holda Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Irkutsk, Krasnoyarsk, Olmaota, Nur-Sulton, Aqtau yo‘nalishlarida parvozlarni amalga oshirishni boshlashga tayyor ekanligini ma’lum qilishdi. Shuningdek, Isroil va Turkiyaga parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda”, – deyiladi ma’lumotda.

Aytilishicha, aeroportlar holatini yaxshilash bo‘yicha qator yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Samarqand xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi terminali va uchish-qo‘nish yo‘lagining qurilishi natijasida aeroportning o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 500 nafar yo‘lovchidan 1500 nafarga qadar ko‘tariladi. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida Toshkent aeroportining o‘tkazuvchanlik holatini optimallashtirish va rekonstruksiya qilish natijasida esa yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish qobiliyati yiliga 4 milliondan 7 millionga ortadi. Termiz xalqaro aeroportida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagining qurilishi, Andijon aeroportining rekonstruksiya qilinishi barcha turdagi havo kemalariga xizmat ko‘rsatish imkonini yaratib, amalga oshirilayotgan qatnovlar sonining 2-3 baravarga ortishiga olib keladi.

Belgilangan tadbirlarni ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan holda sifatli bajarish maqsadida Jahon banki ekspertlari jalb etilgan bo‘lib, ular mamlakat aviatsiya bozorini liberallashtirish va sohada zamonaviy boshqaruv usullarini tatbiq etishga qaratilgan respublikamiz aviatsiya sohasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etishadi.

“Aviatsiya sohasida raqobat muhitini kengaytirish, mamlakatimiz ichki yo‘nalishlari va Markaziy Osiyo mintaqasi yo‘nalishlarida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish ehtiyojlarini qondirish maqsadida yangi Humo Air aviakompaniyasini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Bu mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasini isloh qilish bo‘yicha ishlarning faqatgina birinchi bosqichidir. Mazkur sohada boshlangan islohotlar tizimli ravishda, jadal sur’atlarda davom ettiriladi. Aynan bu yo‘nalishdagi islohotlarning jadallashtirilishi natijasida 2020 yil mamlakatimiz aviatsiya sohasida tub burilish yili bo‘ladi, deb umid qilamiz.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tmoqchimizki, sohani isloh qilishda fuqarolar va mutaxassislarning fikrlari, tavsiya va takliflari muhim ahamiyatga ega. Respublikamiz aviatsiya sanoatini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishda ekspertlar va jamoatchilikning faol ishtirokiga umid qilamiz”, – deyilgan bayonotda.

Manba: https://kun.uz/uz/32985068